Raxit

Raxit
Mutaxassislik Pediatriya
Asoratlari Suyak sinishi, spazm, oligofreniya
Alomatlar Uyqu buzilishi, peshonaning kattalashishi
Davolash Vitamin D va kalsiy

Raxit (yunoncha: ῥαχίτης – umurtqa), shirzada – yosh bolalarda uchraydigan kasallik.

Kelib chiqishi

Organizmda D vitamini yetishmasligi tufayli fosfor-kalsiy almashinuvining buzilishi natijasida kelib chiqadi. Raxitga koʻpincha bolaning chala tugʻilishi, quvvatsizligi, sunʼiy ovqatlantirish sabab boʻladi. Bola yaxshi parvarish qilinmasa, ochiq havo va quyosh nuridan bahramand boʻlmasa, notoʻgʻri ovqatlantirilsa, uning organizmiga D vitamini yetarli miqdorda kirmaydi yoki ultrabinafsha nurlar yetishmasligidan terisida D vitamini hosil boʻlishi buzilib, raxit kasalligi kuchayadi. Bundan tashqari, bolaning tez-tez kasallanishi, onaning homiladorlik vaqtida ovqat ratsionining buzilganligi ham raxit kasalligiga sabab boʻladi. Raxit kasalligi moddalar almashinuvining buzilishiga hamda turli aʼzo va sistemalar ishining izdan chiqishiga olib keladi. Bu kasallikda fosfor va kalsiy kabi mineral tuzlar almashinuvi ayniqsa kuchli buziladi. Ichakda kalsiyning soʻrilishi va suyaklarga oʻtirishi oʻzgaradi, bu – suyakning ingichkalashib, toʻqimalarining yumshashiga, nerv sistemasi va ichki aʼzolar ishining buzilishiga sabab boʻladi.

Kasallikning dastlabki davrida bemorning nerv sistemasida oʻzgarishlar roʻy beradi: bola qoʻrqoq, tajang, injiq yoki shalvillagan boʻlib qoladi; koʻp terlaydi, emayotganida yuzi, yotganida ensasi terga botadi. Bolani qichima bezovta qilganligi uchun u boshini yostiqqa ishqayverganidan orqa sochi toʻkilib ketadi. Kasallik kuchayganda muskullar zaiflashadi, burishadi; kasal bola sogʻlom bolaga nisbatan kech yuradi, qorni shishadi, ichi koʻpincha qotadi yoki suradi, keyinchalik suyak sistemasi oʻzgaradi: yelka suyagi yassilanadi, boshi kattalashadi, peshona va kallaning tepa suyagi boʻrtib chiqadi, peshona doʻng boʻlib qoladi, kalla tepa suyagi va ensa sohasidagi suyakning yumshashi kuzatiladi. Boshning katta liqildogʻi oʻz vaqtida suyaklanmaydi. Koʻpincha toʻsh yonidagi qovurgʻa suyaklari qalinlashadi. Bola yura boshlaganida oyoqlari X shaklida yoki O shaklida qiyshayadi. Koʻkrak qafasining shakli ham oʻzgaradi: yo oldinga boʻrtib chiqadi yoki ichiga kirib ketadi. Raxitga uchragan bolalar turli yuqumli kasalliklarga (ayniqsa, zotiljamga) moyil boʻladi.

Oldini olish

Raxit bilan kasallangan chaqaloq skeleti (1881-yil)

Raxit kasalligining oldini olish tugʻruqqacha boʻlgan davrda boshlanadi. Homilador ayol mumkin qadar toza havoda koʻproq boʻlishi, rejimga qatʼiy rioya qilishi, toʻgʻri ovqatlanishi kerak. Bola tugʻilganidan keyin uni parvarish qilishning barcha qoidalariga rioya qilish va iloji boricha koʻkrak suti bilan boqish lozim. Raxitni davolashda shifokorning koʻrsatmasiga muvofiq, D vitamini boshqa dorilar bilan birgalikda beriladi. Zarur boʻlgan hollarda shifokorning tavsiyasiga muvofiq davo gimnastikasi, massaj, kvars lampasi bilan nurlantirish oʻtkaziladi[1].

Manbalar

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar

VikiombordaRickets“ mavzusi boʻyicha mediafayllar bor.



Content Disclaimer

Informasi ini disarikan dari Wikipedia dan disajikan kembali untuk tujuan edukasi. Konten tersedia di bawah lisensi CC BY-SA 3.0. Kami tidak bertanggung jawab atas ketidakakuratan data yang bersumber dari kontribusi publik tersebut.

  1. The information displayed on this website is sourced in part or in whole from Wikipedia and has been adapted for the purpose of restating it. We strive to provide accurate and relevant information, however:
  2. There is no guarantee of absolute accuracy. Wikipedia is an open, collaborative project that can be edited by anyone, so information is subject to change.
  3. It is not intended to constitute professional advice. The content displayed is for informational and educational purposes only. For important decisions (e.g., medical, legal, or financial), please consult a professional.
  4. Content copyright. Wikipedia is licensed under the Creative Commons Attribution-ShareAlike License (CC BY-SA). This means that content may be reused with appropriate attribution and shared under a similar license.
  5. Responsible use. Any risk arising from the use of information from this website is entirely the responsibility of the user.