Orfoepiya

Orfoepiya (yunoncha: ὀρθός “to‘g‘ri” va ἔπος “nutq, talaffuz”) —1) tilshunoslikning adabiy talaffuz meʼyorlarini oʻrganuvchi boʻlimi; 2) muayyan milliy tilning talaffuz meʼyorlariga mos holda bir xil talaffuzni taʼminlovchi qoidalar tizimi va ularga rioya qilish. Ogʻzaki nutq talaffuzining bir xilligi, imlo (orfografiya) kabi lisoniy muomalani yengillashtiradi. “Orfoepiya” tushunchasi keng va tor maʼnoda 2 xil tushuniladi: keng maʼnoda — unga fonemalarni qoʻllash qoida va fonema allofonlari (variantlari)ni talaffuz qilish qoidalari kiritiladi; tor maʼnoda — fasat fonemalarni qoʻllash qoidalari kiritiladi. Orfoepiya koʻlamining bir xil belgilanmasligining sababi shundaki, baʼzi olimlar talaffuz meʼyorlari tushunchasiga faqat tovushlarni talaffuz qilishni, boshqalari esa urgʻuni ham, baʼzan variantdor grammatik shakllar hosil boʻlishini ham kiritadilar.

Tilning ichki kategoriyasi tarzidagi orfoepik meʼyor bilan kridalashtirilgan meʼyor oʻzaro farqlanadi. Ulardan birinchisi ayni bir voqea-hodisani ifodalashning tilda namoyon boʻladigan yashirin imkoniyatlari mavjudligi bilan bogʻliq; bunda meʼyor — muayyan tilning aniq bir soʻzlovchilar jamoasida tegishli davr orasida mavjud boʻlishi bilan bogʻliq bir qancha ijtimoiy omillarning amal qilishi natijasidir. Ikkinchisi esa amalda mavjud boʻlgan meʼyorning turli lugʻatlar, maʼlumotnomalar va qoʻllanmalarda qoida va koʻrsatmalar tarzida shakllantirilgan aksidir. Qoidalashtirishda qoʻllash uchun toʻfi deb belgilanadigan faktlar tanlab olinadi. Qoidalashtirilgan meʼyor koʻpincha amalda mavjud boʻlgan meʼyordan orqada qoladi.

Orfoepiya milliy tilning shakllanishi bilan bir paytda, ogʻzaki nuqtning taʼsir doirasi kengaygan, ommaga qaratilgan nutqning yangicha shakllari rivojlangan paytda paydo boʻladi. Orfoepik meʼyorlarning shakllanish jarayoni turli milliy tillarda turlicha kechadi. Masalan, hozirgi oʻzbek adabiy talaffuzi meʼyorlarining dastlabki ildizlari oʻtgan asrning 20—30-yillarida vujudga kelgan, bu sohada bir qancha tadqiqotlar oʻtkazilib, orfoepik lugʻatlar nashr etilgan boʻlsada, oʻzbek talaffuz meʼyorlari toʻliq shakllangan deb boʻlmaydi.

Orfoepik meʼyor muammosi bir til birligining bir emas, ikki yoki undan ortiq ifodasi boʻlgan hollarda yuzaga keladi. Meʼyorda ayni paytda til tizimida mavjud boʻlgan yoki mavjud boʻlishi koʻzda tutilgan narsa saralanadi. Tizim doirasida yangi shakllarning paydo boʻlishi hamda eskilarini ekstralingvistik omillar taʼsirida asta-sekin siqib chiqarishi natijasida meʼyor oʻzgarishi mumkin. Meʼyorning oʻzgarishi (almashinishi) har bir tarixiy davr tilida variantdor meʼyorlarning ayni bir paytda mavjud boʻlishi mumkinligini inkor etmaydi. Vaqt oʻtishi bilan variantlardan biri yetakchiga aylanib, qolganlari kamroq qoʻllanib, isteʼmoldan chiqib ketadi. Variantlardan birining yetakchi deb tanlanishiga uning til taraqqiyotidagi obyektiv qonunlarga muvofiq kelishi, keng tarqalgani, moʻʼtabar andozalarga (jamiyatning bilimli va madaniyatli vakillari talaffuziga) mosligi kabi omillar taʼsir koʻrsatadi. Orfoepiya rivojida namunali adabiy talaffuzni targʻib qiluvchi teatr, keyinchalik radio va televideniye katta rol oʻynagan. Sahna nutqi koʻpchilik tillarda orfoepik meʼyorlarning asosi hisoblanadi.

Nutqning harakteriga koʻra, adabiy talaffuzni 2 guruhga ajratish mumkin: toʻliq talaffuz; qisqargan talaffuz; maʼruzachilar, aktyorlar, diktorlar nutqi toʻliq talaffuzni aks ettiradi, chunki bunda har bir soʻz, uning morfemalari adabiy til qoidasiga mos ravishda toʻla, aniq, dona-dona talaffuz qilinadi.

Soʻzlovchi oʻz nutqiga beparvo qarashi orqasida, oʻz shevasi taʼsirida ayrim fonemalar turli oʻzgarishlarga duch keladi, soʻzning baʼzi birliklari qisqaradi. Masalan, olib keldi — obkeldi; olib bordi — obbordi. Bu qisqartirilgan talaffuzdir.

Oʻzbek adabiy tilining asosiy orfoepik qoidalari unli va undosh fonemalarning talaffuzi, morfologik birliklarning aytilishi, soʻz birikmalarining talaffuz qilinishi kabilarni oʻz ichiga oladi. Shunga koʻra, umumiy orfoepik meʼyorlar belgilanadi. Orfoepik meʼyorlar, odatda transkripsion belgilar vositasi bilan ifodalanadi.

Orfoepiya orfografiya bilan zich bogʻlangan. Biroq soʻzning yoki soʻz shakllarining jonli talaffuzi hamma vaqt ham ularning yozuvdagi ifodasiga teng boʻlavermaydi. Jumladan, yozuvda bor baʼzi tovushlar talaffuzda sezilmaydi: biroq, bilan, tuhmachchi, adabiyochchi kabi; yozuvda berilgan tovushlar talaffuzda tushib qoladi: badbax, ayolman, abstrak, Samarqan kabi; yozuvda ifodalangan tovush talaffuzda boshqasi bilan almashtiriladi: obod - obot, kitob - kitop, peshvoz - peshvos kabi. Talaffuzdagi ana shu murakkab tomonlarni hisobga olgan holda yagona orfoepik qoidalar yaratish lozim boʻladi[1].

Manbalar

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil




Content Disclaimer

Informasi ini disarikan dari Wikipedia dan disajikan kembali untuk tujuan edukasi. Konten tersedia di bawah lisensi CC BY-SA 3.0. Kami tidak bertanggung jawab atas ketidakakuratan data yang bersumber dari kontribusi publik tersebut.

  1. The information displayed on this website is sourced in part or in whole from Wikipedia and has been adapted for the purpose of restating it. We strive to provide accurate and relevant information, however:
  2. There is no guarantee of absolute accuracy. Wikipedia is an open, collaborative project that can be edited by anyone, so information is subject to change.
  3. It is not intended to constitute professional advice. The content displayed is for informational and educational purposes only. For important decisions (e.g., medical, legal, or financial), please consult a professional.
  4. Content copyright. Wikipedia is licensed under the Creative Commons Attribution-ShareAlike License (CC BY-SA). This means that content may be reused with appropriate attribution and shared under a similar license.
  5. Responsible use. Any risk arising from the use of information from this website is entirely the responsibility of the user.