Koʻhakiy

Koʻhakiy Sulton Muhammad Hofiz Toshkandiy (Koʻykiy Sulton Muhammad Hofiz Toshkandiy; Koʻykiy Hofiz Toshkandiy, Hofiz Koʻykiy) (1490, oktyabr – 1584) – tarixchi, huquqshunos, tarjimon. Ali Qushchining nabirasi, parkentlik ziyoli Mirzo Kamoliddin oilasida tugʻilgan. Keyinchalik Toshkent shahriga koʻchib kelgan. U jugʻrofiya, etnografiya, handasa, riyoziyot, falsafa, mantiq, fiqh va adabiyot sohalarining ham bilimdoni boʻlgan. Koʻhakiyning ilmda kamolot choʻqqisiga chiqqan davri Ubaydullaxon va Abdullaxon II davrlariga toʻgʻri keladi. Olim 10 dan ziyod asarlar yozgan. Shulardan „Risolai fifanniy – at tavsir val kalom“ („Eʼtiqodga oid ilmlar haqida risola“) nomli asari qoʻlyozma holida bizgacha yetib kelgan.

Koʻhakiy Toshkentning hozirgi Sagʻbon koʻchasidagi oʻz hovlisida qurdirgan madrasasida mudarrislik qilgan. Iroq, Misr, Suriya, Afgʻoniston, Eron, Turkiya, Hindiston va boshqa mamlakatlarda boʻlgan. Koʻhakiy oʻz zamovasining ilmli va obroʻli kishisi boʻlganligi uchun Toshkentdan toʻy munosabati bilan Hindistonga Bobur huzuriga yuborilgan (1528). Bobur „Boburnoma“da bu haqda yozadi:

"Ulugʻ osh tortilganidan keyin… xoja Mirsultongʻa va oʻgʻlonlariga va Hofiz Toshkandiy va mullo Farrux boshliq Xojaning mulozimlariga va oʻzga elchilarga ham oltundin, kumushdin tarkash bila inʼomlar boʻldi".

Shuningdek, hind tarixchisi Abdulqodir Malikshoh Badouniy oʻzining „Muntaxab at-tavorix“ nomli tarixiy asarida keltirishicha, Koʻhakiy 2-marta Hindistonga boradi (1569—70), Akbar tomonidan qabul qilinadi va olimlik mahorati uchun katta tuhfalar olishga muyassar boʻladi. Akbarshoh Koʻhakiyni bobosi Boburni koʻrgan tabarruk kishi sifatida ulugʻlab, Dehlidan bir kunlik yoʻlga chiqib tantana bilan kutib olgan. Badouniy yozadi:

"U Hindistondan Makkaga boradi va u yerdan Turkiyaga keladi. Turk sultoni bilan uchrashadi. Hind diyorida topgan izzat-obroʻni u yerda ham topadi. Vazirlikka qilingan taqlifni rad etib, oʻz diyori Movarounnahrga (Toshkentga) qaytib keladi va u yerda vafot etadi".

Toshkentlik tarixchi Muhammad Solih Qoraxoʻja oʻgʻlining „Tarixi jadidayi Toshkand“ asarida "Toshkent diyoridagi Hofiz Koʻhakiy mahallasidan Mavlono Koʻhakiy aqliy va vaqliy ilmlarda zoʻr olim boʻlgan. Jomiy Hirotiyning arab tili grammatikasiga oid „Sharhi mulla“ asariga xrshiya yozgan. Bahs va jadal ilmining qoidalarini aʼlo darajaga yetkazgandir. Hofiz Koʻhakiy Toshkent aholisi va olimlarining iftixori boʻlib, Dashti Qipchoq, Fargʻona, Movarounnahr, Buxoro, Eron va Xurosonda keng shuhrat qozongan olimdir", deb taʼriflanadi. Koʻhakiy „Tarixi oliy Chingiz“ („Chingizxon va uning avlodlari tarixi“) asarini yozishda Juvayniyning „Tarixi jahonkushoy“ kitobidan keng foydalangan. Koʻhakiy Muhammad ibn Adnonning 2 jildli „Tarixi Turkiston“ nomli asarini fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilgan va unga baʼzi maʼlumotlarni qoʻshib boshqa nom bilan atagan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida uning „Sharhi odobul al-munozara“ („Odob va axloq toʻgʻrisida munozara“ kitobiga sharh) kitobining arab tilida koʻchirilgan nusxasi va arab tilida yozilgan „Favoid ziyoiya“ („Munavvar foydalar“) nomli sharhlangan asari saqlanmoqda. Baʼzi maʼlumotlarga qaraganda, Koʻhakiy Qaffol Shoshiy maqbarasiga kiraverishda oʻng tarafga dafn etilgan. Hozirgi Toshkent shahrining Olmazor tumanida Koʻhakiy yashagan mahalla „Hofiz Koʻykiy“ deb ataladi[1].

Adabiyot

  • Munirov Q., Irisov A., Nosi rov A., Toshkent tarixida baʼzi siymolar, T., 1983.

Manbalar

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil



Content Disclaimer

Informasi ini disarikan dari Wikipedia dan disajikan kembali untuk tujuan edukasi. Konten tersedia di bawah lisensi CC BY-SA 3.0. Kami tidak bertanggung jawab atas ketidakakuratan data yang bersumber dari kontribusi publik tersebut.

  1. The information displayed on this website is sourced in part or in whole from Wikipedia and has been adapted for the purpose of restating it. We strive to provide accurate and relevant information, however:
  2. There is no guarantee of absolute accuracy. Wikipedia is an open, collaborative project that can be edited by anyone, so information is subject to change.
  3. It is not intended to constitute professional advice. The content displayed is for informational and educational purposes only. For important decisions (e.g., medical, legal, or financial), please consult a professional.
  4. Content copyright. Wikipedia is licensed under the Creative Commons Attribution-ShareAlike License (CC BY-SA). This means that content may be reused with appropriate attribution and shared under a similar license.
  5. Responsible use. Any risk arising from the use of information from this website is entirely the responsibility of the user.