Bakjur

Bakjur Halab Hamdoniylariga, keyin esa Misr Fotimiylariga xizmat qilgan cherkas harbiy qul (mamluk yoki gʻulom) boʻlgan.975-yilda Halabni qoʻlga kiritib, shaharni 977-yilgacha boshqargan. Shu yili Hamdoniylarning qonuniy hukmdori Saʼd ud-Davla shaharni qayta egalladi. 983-yilda Homs shahri hokimi etib tayinlangan Bakjur Fotimiylar tomoniga oʻtib, Halabga hujum uyushtirdi. Biroq, Vizantiya qoʻshinlarining aralashuvi tufayli hujum magʻlubiyatga uchradi. Shundan soʻng, Bakjur 988-yilgacha Fotimiylarning Damashqdagi hokimi boʻldi. 991-yilda Halabni egallash uchun soʻnggi urinishni amalga oshirdi. Biroq, Vizantiya aralashuvi tufayli bu harakat ham muvafaqqiyatsizlikka uchradi. Bakjurni Saʼd ud-Davla qoʻlga oldi va qatl ettirdi.

Hayoti

Bakjur asli Hamdoniylar yollagan cherkas harbiy qul boʻlgan[1]. 969-yilda amir Sayf ad-Davlaning qudratli vaziri Qarquyaning oʻrinbosari lavozimiga koʻtarilgan edi. 967-yilda Sayf ad-Davlaning vafotidan soʻng, Qarquya Halab hokimligini qoʻlga olib, amalda Sayf ad-Davlaning oʻgʻli Saʼd ud-Davlani mulkidan mahrum qildi. Saʼd ud-Davla esa uzoq sargardonlikdan keyin Homsdan boshpana topishga erishdi[2][3].

9-asrda Suriya (Bilod ash-Shom) va uning viloyatlari

975-yilda Bakjur Qarquyani taxtdan agʻdarib, hibsga oldi va Halabni egallab oldi. Bu voqea Saʼd ud-Davlani otasining poytaxtini qaytarib olish uchun urinishga undadi. Otasining baʼzi gʻulomlari va, eng muhimi, Halab atrofida istiqomat qilayotgan qudratli Banu Kilabning koʻmagi bilan Saʼd ud-Davla Halabni qamal qilib, egallay oldi. Qarquya ozod qilinib, bir necha yildan soʻng vafot etguniga qadar yana davlat ishlarini boshqarish ishonib topshirildi. Bakjurga esa Homs shahri hokimligi berildi[1][2][4]. Saʼd ud-Davla oʻz amirligi ustidan nazoratni qayta tiklay olgan boʻlsa-da, ahvoli tang edi. Buning boisi, Halab shahri ikki yirik davlat — Vizantiya imperiyasi va Fotimiylar xalifaligi oʻrtasida joylashgan boʻlib, ular Hamdoniylar amirligi va u bilan birga Shimoliy Suriya ustidan hukmronlik qilish uchun raqobatlashmoqda edilar. Halab 969-yildan buyon Vizantiya imperiyasiga boj toʻlab kelar, bu holat esa Saʼd ud-Davlaning gʻazabini qoʻzgʻatar edi. Boshqa tomondan, Fotimiylar xalifasi al-Azizning amirlikni toʻgʻridan-toʻgʻri oʻziga qoʻshib olishidan saqlanish uchun Vizantiya yordamiga tayanishga majbur edi[4][5].

983-yilda Saʼd ud-Davla bilan janjallashib qolgan Bakjur Fotimiylar tomoniga oʻtgan. Fotimiylar uni qoʻshin bilan taʼminlagach, sentyabr oyida Halabga hujum qildi. Saʼd ud-Davla yordam soʻrab Vizantiya imperatori Vasiliyga murojaat qildi. Fotimiylar qamalini Bardas Phokas Kichik boshliq qoʻshin qaytardi. Soʻngra vizantiyaliklar oktyabr oyida Homsni talon-taroj qilishga kirishdi. Shahar Hamdoniylar nazoratiga qaytarildi. Bakjur esa Fotimiylar hududiga qochib ketdi[6][7].

Bakjur enfi al-Azizga murojaat qilib, Damashq shahri hokimligini talab qildi. Bu talab Suriyada kengayishni maʼqullab, Bakjurni Halabni qoʻlga kiritish vositasi sifatida koʻrgan xalifa al-Aziz hamda xalifaga uzoq vaqtdan buyon xizmat qilib kelayotgan vazir Yaʼqub ibn Killis oʻrtasida kelishmovchilik keltirib chiqardi. Yaʼqub ibn Killis bunaqa siyosatga qarshi edi. Bundan tashqari, oʻz homiysi boʻlgan amaldagi hokim Baltakinni saqlab qolishni istardi[8]. Shahardagi nufuzli guruhlar, ayniqsa Manasseh ibn al-Qazzaz rahbarligidagi yahudiylar va turk harbiy tashkiloti Bakjurning mahalliy arab qabila yetakchilari, xususan Mufarrij ibn Dagʻfal boshliq Banu Tayy bilan aloqasi sabab tayinlanishiga qarshi chiqdilar. Oxir-oqibat, al-Aziz barcha eʼtirozlarni rad etib, 983-yil dekabrida shaharni Bakjurga topshirishni buyurdi[8][9].

Bakjurning Damashqdagi hukmronligi u duch kelgan muxolifat tufayli juda notinch kechdi. Qarshilikni shafqatsiz usullar bilan bostirishi natijasida xalq orasida obroʻsini yoʻqotdi. Hokimlikka kirishganidan koʻp oʻtmay, Manasseh ibn al-Qazzazning yahudiy tarafdorlaridan birini qatl qildi. 987-yilda esa Ibn Killis homiylik qilgan uni taxtdan agʻdarish rejasi shahar boʻylab Bakjurning raqinlari ommaviy qirgʻin qilinishiga sabab boʻldi[8][9]. Nihoyat, 988-yil bahorida Ibn Killis al-Azizni Bakjurni hokimiyatdan chetlatishga koʻndirib, Munis qoʻmondonligidagi qoʻshinni Damashqqa joʻnatdi. Bakjur va uning arab ittifoqchisi Mufarrij Munis boshliq Fotimiy qoʻshinlari va ularning arab qabilalaridan boʻlgan ittifoqchilari bilan taxminan ikki oy davomida kurash olib bordi. Shundan soʻng, Munis Damashqning janubi-sharqida joylashgan Dariya shahridagi jangda yirik gʻalabaga erishdi. Hafsalasi pir boʻlgan Bakjur afv va erkin oʻtish vaʼdasini olib, 29-oktyabr kuni Furot boʻyidagi Raqqa shahriga joʻnab ketdi. Oʻrniga Ibn Killisning boshqa homiysi, gʻulom Yaʼqub as-Siqlabiy tayinlandi[4][8][10].

Bakjur Raqqada turib, Halabni qaytarib olish umidida Saʼd ud-Davlaga qarshi fitna uyushtirishda davom etdi. Saʼd ud-Davla yana Vizantiya yordami bilan 991-yil aprel oyida Halab sharqidagi Naʼura yonida Bakjurni magʻlub etib, asir olishga erishdi va keyinroq uni qatl ettirdi[7][8][11].

Manbalar

  1. 1,0 1,1 Kennedy 2004, s. 281.
  2. 2,0 2,1 Canard 1971, s. 129.
  3. Kennedy 2004, s. 280.
  4. 4,0 4,1 4,2 Stevenson 1926, s. 250.
  5. Kennedy 2004, ss. 280–281.
  6. Stevenson 1926, ss. 249, 250.
  7. 7,0 7,1 Canard 1971, s. 130.
  8. 8,0 8,1 8,2 8,3 8,4 Kennedy 2004, s. 324.
  9. 9,0 9,1 Gil 1997, s. 365.
  10. Gil 1997, ss. 365–366.
  11. Stevenson 1926, ss. 249, 250–251.

Adabiyotlar

Content Disclaimer

Informasi ini disarikan dari Wikipedia dan disajikan kembali untuk tujuan edukasi. Konten tersedia di bawah lisensi CC BY-SA 3.0. Kami tidak bertanggung jawab atas ketidakakuratan data yang bersumber dari kontribusi publik tersebut.

  1. The information displayed on this website is sourced in part or in whole from Wikipedia and has been adapted for the purpose of restating it. We strive to provide accurate and relevant information, however:
  2. There is no guarantee of absolute accuracy. Wikipedia is an open, collaborative project that can be edited by anyone, so information is subject to change.
  3. It is not intended to constitute professional advice. The content displayed is for informational and educational purposes only. For important decisions (e.g., medical, legal, or financial), please consult a professional.
  4. Content copyright. Wikipedia is licensed under the Creative Commons Attribution-ShareAlike License (CC BY-SA). This means that content may be reused with appropriate attribution and shared under a similar license.
  5. Responsible use. Any risk arising from the use of information from this website is entirely the responsibility of the user.