Badash
Bu maqola vikilashtirilishi kerak. |
Badash tarixi
Oʻzbekiston Respublikasining janubida, yaʼni Surxondaryo viloyatida musiqaning badash deb nomlangan yoʻnalishi mavjud boʻlib, ushbu yoʻnalish koʻp asrlar davomida Koʻhitang togʻining markazida yashovchi aholi tomonidan ijro etib kelingan[1].
Badashni Oʻrta Osiyo hududida faqat Bog‘lidara, Tangidevon, Xatak, Xo‘janqon, Bedak, Zarautsoy qishloqlari aholisi XX asr oʻrtalariga qadar ijro etib kelishgan. Koʻhitangtogʻ hududi aholisining hayoti va turmushida doira badashi asosiy tur boʻlgan va u boshqa hududdagi doira usullaridan ancha farq qilishi bilan ajralib turgan deyish mumkin.
Badash sanʼatining ildizlari qadimiy turkiy ajdodlar davriga borib taqaladi. Badash atamasi qadim turkiylarda oʻzaro muloqot-muomalasida ishlatilgan badar soʻzi bilan bogʻliq. Badar „yengil shovqin“; „urmoq“; badar qïl — „musht bilan urmoq“ kabi maʼnolarni anglatadi[2].

Badash usullari
Badash — ohang, kuy, nola, nagʻma (naʼma) singari toʻrt usulning birgalikda daf (doira) orqali ifodalanishidan hosil boʻladi. Har bir usul bir nechta qismdan tashkil topadi.
Ohang — bolalar, yigit-qizlar, barcha yoshdagi erkagu-ayolning ovoz chiqarib qoʻshiq aytishini ohang deya tushuniladi. Ijrochilar yoshi va jinsiga qarab jami 6 qismdan tarkib topadi.
Kuy — tanbur, chang, rubob, dutor, afgʻon rubobi, qonun va boshqa cholgʻu asboblari vositasida chalinsa, bu kuy boʻladi. Musiqa asboblari soniga qarab, u ham olti qismdan tashkil topadi.
Nola — ogʻizga qoʻyib chalinadigan musiqa sozlari — chanqovuz, sibiziq (sibizgʻa), xushpulloq (loydan yasalgan ogʻizdan puflanib aytiluvchi cholgʻu asbobi) va nay vositalari orqali ijro etiladi. Baʼzan chanqovuz nolasi yoki nay nolasi deb ham atalgan. Nolada ishlatiladigan musiqa asboblari soniga qarab, toʻrtta qismdan tashkil topgan deb aytish mumkin.
Nagʻma (naʼma) — doʻmbira, rubob, gʻijjakning chalinishidan hosil boʻladi. Nagʻma uchta qismdan hosil boʻladi.
Badash notalari
Badashda oʻziga xos „nota“lar boʻlgan. Doira badashida bu vazifani „bij-don-ba, bij-don-bij“ deyiladigan oʻziga xos „shartli nota“lar bajaradi.
Badashda turklardagi qam (shamanizm) dini belgilari yaqqol seziladi. Chunonchi, badashdagi ijdibi, bij, bodiba singari ohanglar qadimgi turkiycha bedük — „ulkan“, „katta“, beδü — „ulugʻlanmoq“, „koʻtarilmoq“, beδük — „yuksak“, boʻgü — „dono“, idi — „xoʻjayin“, iδi — „egam“ (Xudo), їduq — „muqaddas“, „avliyo“[3] singari maʼnolarni anglatadi. Ushbu ohanglarning qadimgi maʼnolari — „Tangri“, „yuksaklik“, „Tangrining jamoliga erishish“. Shu yoʻl bilan badash islomiyatdan oldin xalq dilidagi orzu-niyatlarni Xudoga yetkazishga intilgan.
Milliy oʻyinlar, vatanparvarlik, merganlik bilan bogʻliq badashlarda boda, bodba, bodom ohanglari ishlatiladi. Bu ohanglar qadimgi turkiycha bodun — „aholi“, „xalq“, „xalq ommasi“ singari tushunchalarni beradi[4]. Toshtaroshlik va umuman tosh yoʻnish bilan bogʻliq hunarmandchilik turlarida bol, bolbol ohanglari uchraydi. Qadimgi turkiycha bol — „sodir boʻlmoq“[5], balbal — „marosim toshi“, „tosh haykal“[6] maʼnosini anglatadi.
Badashni ijro etish qoidalari
Badashda ayollarning ishtirok etishi asosiy qoida edi. Badash tarqalgan qishloqlarda barcha ayollar mohir doirachi boʻlishgan. Xatak elida doira chalishni bilmagan ayol tuzuk odam oʻrnida koʻrilmagan, hatto buni qoʻrs-johillik alomati yoki odobsizlik deb ham atashgan. XX asr boshlariga qadar badash marosimlarini toʻla egallamagan va chanqovuz chalishni bilmagan qizlarga sovchi joʻnatilmagan. Bunday qizlar voyaga yetmagan deb hisoblangan. Shu sababki, oilada nechta ayol boʻlsa, oʻshancha doira saqlangan va qizlar bolalikdan doira chalishga oʻrgatib borilgan.

Badash sanʼati Navroʻz va hosil bayramlarida, sunnat va nikoh toʻylarida ijro etilgan. Buning uchun oldindan tekis katta maydon tayyorlab qoʻyilgan. Kech boʻlganida maydon oʻrtasida katta gulxan yoqilgan. Maydonning erkaklar joylashgan tomonida kurash, yaʼni olish musobaqasi oʻtkazilgan. Avval yosh bolalar, soʻngra yoshi kattalar davraga tushib kuch sinashgan. Maydonning boshqa tomonida esa, ayollar toʻla aylana shakl hosil qilib badash ijro etishgan. 30–40 va hatto 50 tagacha ayol birvarakayiga doira chalishgan. Doiralardan bir takt boʻlib chiqayotgan tekis, salobatli zarblar kishi ruhiyatiga oʻzgacha taʼsir qilib, uning kayfiyatini koʻtargan. Barmoq va kaftlar zarbidan doira tegrasidagi sanoqsiz nuqra va mis xalqachalar tiniq jaranglab doira badashining jozibasini yanada oshirishda xizmat qilgan. Doiralardan maromli ritmda taralgan jozibali va jarangdor bij-don-ba, bij-don-bij sadolari uzoq-uzoqlarga eshitilib turadi. Doira badashi ohanglari ichda aytiladi va zarblarga monand qayta-qayta takrorlanaveradi.

Nikoh toʻylarida esa, badash boshqacharoq oʻtkazilgan. Unda kelin kuyovning uyiga otda olib ketilayotgan vaqtda badashchi ayollar xuddi paraddagidek uch-toʻrt qator boʻlib turishgan va kuyovning uyiga qadar doira chalib borishgan.
Badash bilan bogʻliq bayram-toʻylarda qarsak chalish odati yoʻq edi. Negaki, faqat motam marosimida, yaʼni oʻlgan odamning mayiti ustida ayollar qarsak chalib yigʻlaganlar. Qarsak motam udumi boʻlganidan badashda ishlatilmagan.
Badash turlari
Qoʻsh haydash badashi — Navroʻz va hosil bayramlarida aytiladi. Xalq oʻz vaqtida ekin-tikin qilishga chorlangan. U eng qadimgi badash turi hisoblanadi.
Katta badash — badashning qadimgi, shu bilan birga ogʻir turi hisoblanadi. Baʼzan sumalak qoʻyish badashi ham deyiladi. Katta badash koʻproq Navroʻz va hosil bayramlarida ijro etilgan. Uning asosiy maqsadi, xalqni doʻstlikka, birlikka, ahillikka, mehnatga, tinch-totuv yashashga, oʻz yurtini jonu dili bilan himoya qilishga chaqiradi.
Non yopish — badashning asosiy turlaridan biri. Ikkinchi nomi novvoy badash. Uning bosh vazifasi bugʻdoyni vaqtida ekib uni oʻrish, ogʻir vaqtlarda esa yoʻlini topib, hatto togʻning tepasiga chiqib boʻlsa ham gʻalla ekishni oʻrgatish. Novvoylikni faxrli kasb deb ulugʻlaydi. Odamlarni yakdillikka, ahil boʻlib yashashga, mehmondorchilik qoidalari-ga rioya qilishga chaqiradi.
Temirchi badashi — qadimdan yetib kelayotgan temirchilik kasbini oʻrgatish, uni kelajak avlodlarga yetkazish koʻzlangandir. Badashni boshqarib turgan onaxon temirchi badashning maqsad–vazifasi va qoidasini tushuntirib bergan.
Uy qurish (oʻtov) badashi — xalqni uy-joy qurishga, bunyodkorlik bilan shugʻullanishga chaqiradi. Uysozlarni hurmat qilishni oʻrgatadi. Farzandlari uchun tugʻilganidan boshlab uy qurishi lozimligini eslatadi.
Tegirmon badashi — qadimgi badash turlaridan biri. Aholini tegirmon qurish va un bilan taʼminlashga chaqirgan.
Pilla badash — asosiy eʼtiborni xalqning orasta kiyinishiga qaratadi. Masalan, paxtadan toʻqilgan boʻz, olacha kiyimlar dalada ishlash uchun qulay boʻlsa, ipak, shoyi toʻy-hashamlarda yarashgan. Shuning uchun badash ipak qurti boqib, pilla olishga xalqni chaqiradi.
Araz badash (baʼzan qudalar aytishuvi ham deyiladi) — Navroʻz bayrami va nikoh toʻylarida ijro etilgan.

Yarash badash — araz badashdan keyin kuylanadi. Vazifasi — odamlarni mehr-oqibatga, ahil-inoq yashashga chorlash maʼnosini anglatadi. Yarash badashda ikki doirachi qoʻllarini bir-birlarining qoʻltigʻidan oʻtkazib doirani chaladi. Baʼzan doiralarini bir-birlariga xuddi urishtirayotgandek qilib koʻrsatishadi. Gohida yarashganliklarining belgisi sifatida bir-biriga orqa tomondan yelka qoʻyib doira chalishgan. Bir kishi qoʻshiq aytgan.
Kuyov keldi badashi — kelinning uyiga kuyov kelgan vaqtda ijro etiladi. Uning vazifasi kelinni sepi bilan olib ketish marosimini toʻla ifoda etishga qaratilgan boʻlgan. Badash aytuvchi kelin-kuyovning ota-onasiga nikoh toʻyining qoida va rasm-rusumlarini tushuntiradi. Boshqalar ham eshitib ibrat olishi uchun kuyov tomonning vazifalari, urf-odatlarga amal qilishning ahamiyati; kelinning ota-onasiga esa, qizining tarbiyasidan tortib to beriladigan sepiga qadar birma-bir eslatadi.
Oʻyin badash — toʻylarda ijro etiladi. Xalqni ahillikka, tinchlikka, doʻstlikka, mehru- muhabbatga, birdamlikka, oʻyin-kulguga chaqiradi. Badashni ijro etish jarayonida bir ayol qizlarga atab qoʻshiq aytadi, qizlar esa oʻyinga tushadi.
Chanqovuz badash — badashning bu turida faqat chanqovuz ishtirok etadi. Uni chalish uslubi boshqa joylardagidan farq qilgan. Turkiy urugʻlarda faqat oʻng qoʻlning koʻrsatkich barmogʻi bilan chanqovuz chalingan boʻlsa, xatakliklar oʻng qoʻl koʻrsatkich barmogʻiga qoʻshimcha chap qoʻl chimchilogʻi hamda nomsiz barmoqni ham ishlatganlar.

Koʻpkari badash — badashning qadimiy turlaridan boʻlib, xalqni koʻpkari oʻtkazib turishga chaqiradi. Koʻpkarida oʻyin qoidalari, rasm-rusumlar, irim-sirimlar tushun-tirilgan. Maʼlumki, turkiy xalqlarda keng tarqalgan koʻpkari oʻzbek xalqining ham sevimli oʻyini, eng katta tomoshasi hisoblanadi.
Polvon badash — badashning qadimiy turlaridan biri. Yoshlarni kurashga tushishga chaqirgan. Xalq tilida u olish deyiladi.
Askar badash — onalar oʻz farzandlarini jangga kuzatganlarida kuylashgan. Askar badashning qoidasi: 2-3 marta old yoki orqa tomonga yuradi. Naqoratda qoʻllarini ikki yoniga aylantirib chaladi.
Yoʻl badash — cholgʻusiz ijro etilgan. Mazkur badash oʻz farzandini urushga kuzatgan onalar, eri jangga yoʻl olgan kelinlar tomonidan aytilgan.
Askar qiz badashi — badashning qadimiy turlaridan biri. Uning vazifasi oʻz vatanini himoya qilib, xalqini sogʻ-salomat saqlash maqsadida jangga otlangan ayollar haqida soʻzlab berish.
Mergan badash — qadimiy badash turlaridan biri. Ikkinchi nomi ovchi badash. Vazifasi merganlar haqida soʻzlab berish. Xalq orasida merganlik madaniyatini yoyish. Merganlarning jamiyatdagi oʻrnini koʻrsatib beradi, ularni hurmat qilishga chaqiradi.
Hozirgi kunda ham Koʻhitang hududidagi Xatak qishlogʻida badash mahalliy xalq uchun odob-axloq majmuasi boʻlib qolmoqda. Surxondaryo viloyatida madaniyat, sanʼat hamda madaniy turizm sohasini rivojlantirish, shuningdek, milliy qadriyat va anʼanalarni keng targʻib etishga qaratilgan madaniy-maʼrifiy tadbirlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan.
Havolalar
- „Badash“ — xalq urf-odatlari, anʼanalari mahsuli
- „Navroʻziy navolar“ Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati" gazetasi, 2014 yil, 21 mart soni
- Surxondaryo viloyatida madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasining qarori, 26.04.2024 yildagi 240-son .
Manbalar
- ↑ Ikrom Umarov. Badash: tarix va an’ana (Monografiya), Termiz «Surxon-Nashr», 2018 y.
- ↑ Drevnetyurkskiy slovar. Leningrad, 1969, str. 77.
- ↑ Drevnetyurkskiy slovar. Leningrad, 1969, str. 91, 116, 203, 217.
- ↑ Drevnetyurkskiy slovar. Leningrad, 1969, str. 108.
- ↑ Drevnetyurkskiy slovar. Leningrad, 1969, str. 111.
- ↑ Drevnetyurkskiy slovar. Leningrad, 1969, str. 80.
Adabiyotlar
7. Nargiza Raxmatullayeva. Badash maʼnaviyat va madaniyat sarchashmasi (Monografiya), Toshkent „Renesans“, 2022 y.[1]
8.Nargiza Raxmatullayeva. Folklyor va shaxs psixologiyasi (Monografiya), Toshkent „Zakovat Print“, 2024 y.[1]
Content Disclaimer
Informasi ini disarikan dari Wikipedia dan disajikan kembali untuk tujuan edukasi. Konten tersedia di bawah lisensi CC BY-SA 3.0. Kami tidak bertanggung jawab atas ketidakakuratan data yang bersumber dari kontribusi publik tersebut.
- The information displayed on this website is sourced in part or in whole from Wikipedia and has been adapted for the purpose of restating it. We strive to provide accurate and relevant information, however:
- There is no guarantee of absolute accuracy. Wikipedia is an open, collaborative project that can be edited by anyone, so information is subject to change.
- It is not intended to constitute professional advice. The content displayed is for informational and educational purposes only. For important decisions (e.g., medical, legal, or financial), please consult a professional.
- Content copyright. Wikipedia is licensed under the Creative Commons Attribution-ShareAlike License (CC BY-SA). This means that content may be reused with appropriate attribution and shared under a similar license.
- Responsible use. Any risk arising from the use of information from this website is entirely the responsibility of the user.