Al-Musabbihiy

Al-Amir al-Muxtor Izz al-Mulk Abu Abdulloh Muhammad ibn Abulqosim Ubaydulloh ivn Ahmad ibn Ismoil ibn Abdulaziz al-Harraniy al-Musabbihiy al-Kotib yoki oddiygina al-Musabbihiy (arabcha: المصبحي‎) (977-yil 4-mart — 1030-yil aprel/may) sunniy Fotimiy tarixchi, yozuvchi va maʼmuriy amaldor. Tarix, psixologiya, huquq, grammatika, seksologiya va pazandachilik kabi turli mavzularga bagʻishlangan 40 000 sahifali qoʻlyozmalar muallifi ekani maʼlum. Misr tarixi va yangiliklarining yilnomasi boʻlgan Axbor Misr al-Musabbihiyning mashhur asarlaridan biri edi. Biroq, al-Musabbihiyning koʻplab asarlari qatori Axbor Misrning ham faqat ayrim qismlarigina bizgacha yetib kelgan. Al-Musabbihiyning koʻplab yozuvlari vafotidan koʻp oʻtmay yoʻqolib ketgan.

Al-Musabbihiy Fustatda tugʻilgan, umrining aksariyat qismini shu shaharda oʻtkazgan va shu yerda vafot etgan taqvodor sunniy musulmon boʻlgan. Fotimiylar hukumatiga sodiqligi bilan ajralib turgan hamda xalifa [[Abu Ali al-Mansur|al-Hakim (h. 996–1021) bilan yaqin doʻst boʻlgan. Kasbiy faoliyatining boshida Fotimiylar qoʻshinida xizmat qilgan va Qohiradagi Fotimiylar markaziy boshqaruvi yetakchi aʼzosiga aylangunga qadar Yuqori Misr viloyati hokimi vazifasini bajargan.

Hayoti

Al-Musabbihiy 977-yil 4-martda Misrning Fustat shahrida sunniy oilada tugʻilgan[1]. Oilasi asli Jaziraning Harron hududidan boʻlgan[1]. Al-Musabbihiy mahalliy sunniy fuqarolar uchun noodatiy tarzda Fotimiylar qoʻshinida xizmat qilgan. Yuqori Misrdagi al-Qays va Bahnasa hududlariga hokim etib taiynlangan amda amir unvoniga sazovor boʻlgan[1]. Keyinchalik markaziy maʼmuriyatning bosh kotibi lavozimiga tenglashtirilgan devon at-tartib boshligʻi etib tayinlandi[2]. Al-Musabbihiy har kuni Fustatdan Qohiradagi hukumat binosiga borar, koʻp kechalarda esa tarixiy Amr ibn al-Os masjidiga toʻxtab oʻtardi. Masjidda oʻzi va otasining doʻstlari bilan muloqot qilgan. Bu doʻstlarning aksariyati suriyalik musulmon anʼanachilar edi[3]. Sunniylik aqidalariga sodiq boʻlishiga qaramay, al-Musabbihiy Ismoiliy Fotimiylar davlatiga sodiq boʻlgan. Yanada gʻalati tomoni xalifa al-Hakim (h. 996–1021) bilan yaqin munosabatda boʻlgan[3]. Xalifa al-Hakimning Fustat aholisi bilan til topisha olgani maʼlum[3]. Al-Musabbihiy 1030-yil aprel/mayda Fustatda vafot etgan[3].

Asarlari

Al-Musabbihiy turli mavzularda koʻplab qoʻlyozmalar yaratgan sermahsul yozuvchi boʻlgan. Jumladan, tarix, ruhshunoslik, jinsiy hayot ilmi, huquqshunoslik, tilshunoslik va oshpazlik kabi sohalarda asarlar bitgan[3]. Soʻnggi oʻrta asrlar tarixchilari Ibn Xallikon va Ibn Said al-Andalusiy al-Musabbihiyning asarlarini va har bir asardagi sahifalar sonini batafsil hujjatlashtirganlar. Al-Musabbihiyning jami asarlari taxminan 40 000 sahifani tashkil etgan boʻlib, ayrim asarlari mingdan ortiq sahifadan iborat edi[3]. Biroq, vafotidan koʻp oʻtmay, asarlarining aksariyati yoʻq boʻlib ketgan[3].

Misr tarixi

Al-Musabbihiyning asosiy asarlari orasida Misr tarixiga oid taxminan 13 000 sahifadan iborat Axbori Misr nomli solnoma alohida oʻrin egallaydi[3]. Al-Musabbihiyning boshqa asarlari qatori Axbori Misrning ham koʻp qismi avvalgi davrlarda yoʻqolib ketgan. Faqatgina boshqa tarixchilarning asarlarida ushbu asardan koʻchirilgan iqtiboslargina saqlanib qolgan[3]. Axbor Misrning bizgacha yetib kelgan yagona qoʻlyozmasi 40-bobi boʻlib, Ispaniyadagi Eskorial kutubxonasida saqlanmoqda[3]. Al-Musabbihiy asarining bu qismida 1023/24 va 1024/25-yillar oraligʻida xalifalikda roʻy bergan voqealar yoritilgan boʻlib, unda shuningdek, al-Musabbihiy bilan yaqindan tanish boʻlgan boshqa adiblarning sheʼrlari va maktublari ham oʻz aksini topgan[3]. Thierry Bianquis taʼkidlashicha, ushbu qoʻlyozma 11-asr boshlarida Misr va Iroqda yozilgan zamonaviy adabiy asarlar, nafis nasr va sheʼriyat namunalari haqida tasavvur hosil qilish imkonini beradi[3]. Zamonaviy Misr tarixshunosi Ayman Fuad Sayyidning taʼkidlashicha, XV asr Misr tarixchisi al-Maqriziy Axbori Misr asarining 34-bobini oʻz qoʻlida saqlagan ekan. Ushbu bobda 1004/5-yilda sodir boʻlgan voqealar qayd etilgan boʻlgan[3].

Axbori Misr al-Musabbihiy qalamiga mansub zamonaviy asar boʻlib, unda Fotimiylar xalifaligidagi kundalik voqealar qayd etilgan. Har yil oxirida taniqli shaxslarning vafot etgani haqidagi maʼlumotlarni ham yozib qoldirgan[3]. Qohirada maʼmuriy amaldor boʻlgan al-Musabbihiy al-Hakimning vafotidan keyingi hokimiyat uchun shafqatsiz kurashni ham hujjatlashtirgan. Bu kurash turli harbiy qoʻmondonlar va fuqaroviy amaldorlar oʻrtasida kechgan boʻlib, ular bir-birlarini al-Hakimning yosh vorisi az-Zohir (h. 1021–1036) oldida obroʻsizlantirish uchun xabarchilardan foydalanganlar va soxta hujjatlar tayyorlaganlar[3]. Al-Musabbihiy Sitt al-Mulkning yaqinlar az-Zohir bilan til biriktirib, fitna uyushtirganidan shubha bildirgan[3]. Bianquisning fikricha, „al-Hakim vafotidan soʻng, rasmiy tarixshunoslik ustidan nazorat oʻrnatilgan boʻlishi va maʼlum miqdordagi matnlar, jumladan al-Musabbihiyning asarlari, yoʻq qilingan boʻlishi ehtimoldan xoli emas“[3]. Al-Musabbihiy oʻz kitobiga 1024/25-yilda Suriyada Fotimiylarga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolon haqidagi maʼlumotlarni ham kiritgan. Bu qoʻzgʻolon natijasida Mirdosiylar va Jarrohiylar hokimiyatni qoʻlga kiritgan edilar[3]. Bundan tashqari, Axbori Misrda Fustatdagi kundalik hayotning turli jihatlari qayd etilgan. Bu maʼlumotlar yoʻl-transport hodisalari va jinoyatlardan tortib, ocharchilik paytida tovarlarning ulgurji va chakan narxlarigacha, hatto Nil daryosida suzib yurgan begemotlargacha boʻlgan voqealarni oʻz ichiga oladi[4].

Manbalar

  1. 1,0 1,1 1,2 Bianquis 1993, p. 650.
  2. Bianquis 1993, p. 650–651.
  3. 3,00 3,01 3,02 3,03 3,04 3,05 3,06 3,07 3,08 3,09 3,10 3,11 3,12 3,13 3,14 3,15 3,16 3,17 Bianquis 1993, p. 651.
  4. Bianquis 1993, pp. 651–652.

Adabiyotlar

Content Disclaimer

Informasi ini disarikan dari Wikipedia dan disajikan kembali untuk tujuan edukasi. Konten tersedia di bawah lisensi CC BY-SA 3.0. Kami tidak bertanggung jawab atas ketidakakuratan data yang bersumber dari kontribusi publik tersebut.

  1. The information displayed on this website is sourced in part or in whole from Wikipedia and has been adapted for the purpose of restating it. We strive to provide accurate and relevant information, however:
  2. There is no guarantee of absolute accuracy. Wikipedia is an open, collaborative project that can be edited by anyone, so information is subject to change.
  3. It is not intended to constitute professional advice. The content displayed is for informational and educational purposes only. For important decisions (e.g., medical, legal, or financial), please consult a professional.
  4. Content copyright. Wikipedia is licensed under the Creative Commons Attribution-ShareAlike License (CC BY-SA). This means that content may be reused with appropriate attribution and shared under a similar license.
  5. Responsible use. Any risk arising from the use of information from this website is entirely the responsibility of the user.